O‘zbekistonda sudda hokimliklarning 42 foiz qarori noqonuniy deb topilgan

Obuna bo‘lish
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaning ta’kidlanishicha, hokimliklarning noqonuniy qarorlaridan birinchi navbatda xalq aziyat chekmoqda.

TOShKENT, 21-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda 2019-yilda sudlarda hokimlarning 42 foiz qarorlari noqonuniy deb topilgan. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva 19-iyun kuni o‘tkazilgan beshinchi yalpi majlis davomida ma’lum qildi.

Senat raisi majlis davomida hokimliklarda ishlaydigan mutasaddilarning huquqiy savodxonligini oshirishga ko‘proq e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.

“O‘tgan yilda sudlar tomonidan ko‘rilgan 3000 ishning 1253 tasida, ya’ni 42 foizida hokimlarning qarori noqonuniy deb topilgan. Qarang, hokimlikda ishlaydigan mutasaddi rahbarlar va turli strukturalarda ishlaydiganlar noqonuniy qaror tayyorlab, hokimlarga imzoga berishgan. Achinarlisi, buning oqibatida xalqimiz aziyat chekmoqda”, - dedi Senat raisi.

Senat raisi adliya vaziriga hokimlikda ishlaydigan mutaxassislar huquqiy madaniyatini oshirish zarurligi bo‘yicha tavsiya berdi. Hokimlar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan noqonuniy xatti-harakatlar nazoratga olinib, tegishli choralar ko‘rish talab qilinishini qayd etdi.

Yangiliklar lentasi
0