TOShKENT, 17-iyun — Sputnik. 24-iyun kuni Moskva shahrida bo‘lib o‘tadigan G‘alaba paradida ishtirok etish uchun 12 mamlakat, jumladan, O‘zbekiston harbiylari Rossiyaga yetib keldi. Bu haqda Rossiya armiyasining Quruqlikdagi qo‘shinlari bosh qo‘mondoni Oleg Salyukov “Krasnaya Zvezda” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“12 mamlakatning harbiy xizmatchilari allaqachon tashrif buyurishdi: Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy Xalq Respublikasi, Moldova, Mo‘g‘uliston, Serbiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston. Ularning aksariyati 15-iyun kuni Alabinodagi parad maydonchasidagi mashg‘ulotda ishtirok etdi”, - dedi u.
Avvalroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov qator davlatlar, jumladan, O‘zbekiston prezidenti Moskvadagi G‘alaba paradida ishtirok etishini tasdiqlaganini ma’lum qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyada koronavirus pandemiyasi sabab qoldirilgan G‘alaba paradi 24 iyun kuni o‘tkaziladi. G‘alaba paradiga avvalo MDH yetakchilari taklif etilgan.