TOShKENT, 17-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda 200 va 500 so‘mlik qog‘oz pullar 2020-yil 1-iyuldan muomaladan chiqariladi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Markaziy bankning eski namunadagi 50 va 100 so‘mlik tangalarini, shuningdek, 50, 100, 200 va 500 so‘mlik banknotlarini ayirboshlash hamda muomaladan qaytarib olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan:
- 1997-yil namunasidagi 200 so‘mlik;
- 1999-yil namunasidagi 500 so‘mlik banknotlar 2020-yil 1-iyuldan qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotadi.
Eski namunadagi ushbu pul belgilari 2020-yil 1-iyulga qadar barcha tijorat banklari bo‘linmalari, 2020-yil 1-iyuldan keyin esa Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmalari Hisob-kitob kassa markazlari tomonidan qabul qilinadi va muomaladagi pul belgilariga cheklanmagan miqdorda almashtirib beriladi.