TOShKENT, 14-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi “PBT+” imtiyozli tizimining benefitsiar mamlakati maqomini olish uchun rasmiy talabnoma yubordi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabar qildi.
“Ta’kidlash lozimki, respublikamizning “PBT+” benefitsiar mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilishi YeIga eksportga yetkazib berish hajmini sezilarli darajada oshirish va Yevropa bozorida mahalliy mahsulotlarimizning raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi”, - deyilgan xabarda.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Preferensiyalarning bosh tizimidan (PBT) foydalanadi, unga ko‘ra, respublika bojxona to‘lovlarisiz YeIga 3000 ga yaqin tovar pozitsiyalarini va kamaytirilgan stavkalar bo‘yicha 3200 ta pozitsiyalarni eksport qilishi mumkin.
Qayd etilishicha, agar O‘zbekiston “PBT+” bo‘yicha bir tomonlama tarif imtiyozlariga ega bo‘lsa, o‘zbek ishlab chiqaruvchilari YeIga bojxona to‘lovlarisiz eksport qilishi mumkin bo‘lgan tovar pozitsiyalarining soni 6200 gacha oshadi.
Yevropa tomoni talablariga ko‘ra, “PBT+” imtiyozlarini olish uchun, manfaatdor mamlakat muayan shartlarning bajarilishini ta’minlashi kerak, jumladan inson huquqlari va asosiy mehnat standartlari sohasida - 16 ta va atrof - muhitni muhofaza qilish va samarali boshqaruv sohasida - 11 ta, jami 27 xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilish va samarali amalga oshirishi lozim.
Hozirgi kunda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda yuqoridagi shartlarni bajargan. Shu bois vazirlik “PBT+” Yevropa Ittifoqining preferensiyalar tizimiga kirish uchun O‘zbekistoning rasmiy talabnomasi, konvensiyalar ratifikatsiya qilingani to‘g‘risida ma’lumot va O‘zbekiston hukumati nomidan majburiyat xatidan iborat hujjatlar to‘plami tayyorlagan va ko‘rib chiqish uchun yuborgan.