TOShKENT, 10-iyun — Sputnik. Norma.uz ekspertlari 1-avgustdan aksiz solig‘i bekor qilinishi va utilizatsiya yig‘imlarining joriy qilinishi yuzasidan kutilayotgan narxdagi o‘zgarishlarni hisob-kitob qilib chiqishdi.
Dvigatel ish hajmi 1000 kub. smdan yuqori bo‘lmagan hajmda, o‘rtacha narxi — 6000 AQSh dollari.
2020 yil 1-avgustga qadar:
- bojxona to‘lovi — 3240 dollar (avtomobil o‘rtacha narxining 54 foizi);
- aksiz solig‘i — 1920 dollar (avtomobil o‘rtacha narxining 32 foizi);
- QQS — 1674 dollar(avtomobil o‘rtacha narxining, bojxona to‘lovi va aksizning 15 foizi);
- bojxona yig‘imi — 25 dollar;
- utilizatsiya yig‘imi — 0.
Shunda jami bojxona to‘lovi 6859 dollar bo‘lib, avtomobilning oxirgi narxi 12 859 dollarni tashkil qiladi.
2020 yil 1-avgustdan keyin:
- bojxona to‘lovi — 3240 dollar (avtomobil o‘rtacha narxining 54 foizi);
- aksiz solig‘i — 0;
- QQS — 1386 dollar (avtomobil o‘rtacha narxining, bojxona to‘lovi va aksizning 15 foizi);
- bojxona yig‘imi — 25 dollar;
- utilizatsiya yig‘imi — 659 dollar (BHMning 30 baravari dollarda).
Shunda jami bojxona to‘lovi 5310 dollar bo‘lib, avtomobilning oxirgi narxi 11130 dollarni tashkil qiladi. Farq — 1549 dollar.
Shu bilan birga, hajmi 3000 kub santimetrdan ortiq bo‘lgan va 3500 kub santimetrdan yuqori bo‘lmagan dvigatelga ega avtomobilning narxi 30 000 dollar. 1-avgustdan uning narxi 6740 dollarga arzonlashadi.
“Yengil avtomobilning oxirgi narxi, utilizatsiya yig‘imi joriy etilganiga qaramay, aksiz solig‘ining bekor qilinishi hisobiga kamayadi. 1000 sm³ dan ortiq bo‘lmagan ish hajmli dvigatelga ega yengil avtomobil narxi 12%ga kamayadi, 3 000 sm³ dan ortiq ish hajmli dvigatelga ega yengil avtomobilning narxi esa 10%ga kamayadi”, — deyiladi ekspertlar xulosasida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-avgustdan boshlab ayrim transport vositalarini olib kirish uchun aksiz solig‘i stavkalari bekor qilinadi. Shu bilan birga ayrim mashinalar uchun utilizatsiya yig‘imlari joriy etiladi.