TOSHKENT, 10 iyun - Sputnik. Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan "Rutan" dori vositasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga topshirildi. Bu haqida Farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi xabar qilmoqda.
"9 iyun kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi “China–Uzbekistan Medicine Technical Park” texnoparkida ishlab chiqilgan 19 500 dona «Rutan» dori vositasini Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga begʻaraz taqdim etdi", - deyilgan xabarda.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti tomonidan tomonidan yaratilgan grippga qarshi original "Rutan" dori vositasi Xitoy olimlari tomonidan oʻtkazilgan sinovlar natijasida SARS CoV-2 tipidagi gripp virusini 78,3 foizga taʼsirini susaytirish xususiyatini namoyon qilgan.
Shuningdek, 11 mingta oʻram "Rutan" dori vositasi koronavirusga qarshi gumanitar yordam sifatida Eronga yuborilib, laboratoriya sinovlaridan ijobiy oʻtgan.

Bioorganik kimyo instituti maʼlumotiga koʻra, "Rutan" dori vositasini Oʻzbekiston-Xitoy tibbiy texnoparkida 2018 yil oxirida ishlab chiqarish boshlangan. Ushbu dori gripp virusining A-N3N2, H1N1, V (01), V 03) shtammlariga qarshi samarador vosita hisoblanadi. Ushbu dori inson organizmida alfa, beta va gamma interferonlar ishlab chiqarishni oshiradi va organizmda virus koʻpayishiga toʻsqinlik qiladi. Dori vositasi 6 yoshdan katta bolalar va kattalar uchun qoʻllanilishi mumkin.
Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda ishga tushirilgan Oʻzbek-Xitoy ilmiy-texnologik parkiga 20 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilgan boʻlib, 300 ta ish oʻrni tashkil etilgan. Ushbu markazda sharq tabobatining asrlar davomida sinovdan oʻtgan davolash uslublari, ham gʻarb tibbiyotining ilgʻor natijalaridan foydalaniladi.
Bugungi kunda texnoparkda 8 xil koʻrinishdagi (tabletkalar, kapsulalar, suyuq koʻrinishdagi va boshqa) dori vositalar ishlab chiqarilmoqda. Zavod yuqori xalqaro standartlarga toʻliq javob beradi va GMP (Good Manufacturing Practic) talablariga mos.