TOSHKENT, 4 iyun — Sputnik. Namangan viloyatida uchta yuk mashinasi ishtirokida yirik yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga koʻra, hodisa 4 iyun kuni Pop tumani “Koʻshminor” MFY hududidan oʻtuvchi “Toshkent-Osh” avtomobil yoʻlining 227 kilometrida sodir boʻlgan. 63 yoshli “Sams” haydovchisi yoʻlning chetida toʻxtab turgan 26 yoshli A.Gʻ.ning boshqaruvida boʻlgan “Isuzu” yuk avtomashinaga va 26 yoshli N.R.ning boshqaruvida boʻlgan ikkinchi “Isuzu” yuk avtomashinaning orqa qismiga urilib agʻdarilgan.

Bunga tormoz tizimi ishlamay qolishi sabab boʻlgan. Agʻdarilgan “Sams” yuk avtoavtomashinaning kabina qismida yongʻin yuzaga kelgan.

Natijada “Sams” yuk mashina haydovchisi A.R. va “Isuzu” yuk avtomashinadan birining haydovchisi A.Gʻ.lar hodisa joyida vafot etganlar, ikkinchi “Isuzu” haydovchisi N.R. shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Odamlar oʻlimiga sabab boʻlgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.