TOShKENT, 3-iyun — Sputnik. Toshkentning Yashnobod tumanidagi ko‘p qavatli uyda yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qildi.
3 iyun kuni soat 01:08 da Toshkent shahar FVB navbatchilik qismiga tumandagi “Tong” mahallasi, Tuzel 2-dahasi 22A-uyda (12 qavatli uyning 8- qavatida) yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Voqea joyiga yong‘in o‘chirish ekipajlari soat 01.15 atrofida yetib borib, soat 01-43 da yong‘in o‘chirilgan.
Yong‘in-qutqaruvchilar tomonidan yonayotgan xonadondan ikki nafar, qo‘shni xonadondan bir nafar fuqaro qutqarilgan.
Shuningdek, yong‘inning binodagi boshqa xonadonlarga o‘tib ketishi hamda undan ajralib chiqayotgan zaharli tutundan yuqori qavatlarda yashovchi aholi zaharlanishining oldini olish maqsadida, uydan 30 dan ortiq fuqaro xavfsiz hududga evakuatsiya qilindi.
Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar qayd etilmagan.