TOShKENT, 28-may — Sputnik. So‘nggi taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlarida jami 17 988 ta koronavirus bilan bog‘liq holat qayd etilgan.
Qozog‘iston aniqlangan holatlar bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Mamlakatda o‘tgan kun davomida 272 ta yangi holat tasdiqlangan. Kasallanganlarning umumiy soni 9575 nafarga yetgan. Shulardan 4768 nafari tuzalib ketgan. 37 ta o‘lim holati kuzatilgan.
May oyi boshida mamlakatda koronavirus aniqlanganini e’lon qilgan Tojikiston bugungi kunga kelib holatlar bo‘yicha O‘zbekiston va Qirg‘izistonni ortda qoldirib, mintaqada ikkinchi o‘ringa chiqib olgan. Tojikistonda o‘tgan kun davomida 158 kishida koronavirus aniqlangan. Shu tariqa, COVID-19 yuqtirib olganlar soni 3424 nafarga yetgan. Shulardan 1557 nafari tuzalib ketishga muvaffaq bo‘lgan. Qurbonlar soni esa 47 kishini tashkil etmoqda.
O‘zbekistonda o‘tgan kun davomida 79 ta yangi holat aniqlandi. 28-may soat 10:00 holatiga ko‘ra, mamlakatda koronavirus bemorlari soni 3396 nafarni tashkil etmoqda. Shulardan 2668 nafari butunlay sog‘aygan. Virusdan 14 ta o‘lim holati kuzatilgan. Bu boshqa davlatlarga qaraganda eng past ko‘rsatkich.
Qirg‘izistonda o‘tgan kun davomida 74 ta yangi koronavirus holati tasdiqlangan. Mamlakatda jami 1592 kishi ushbu kasallikni yuqtirib olgan. 1066 kishi COVID-19ni yenggan. 16 nafar bemor vafot etgan.
Butun dunyo bo‘ylab 5,6 milliondan ziyod kishi koronavirusni yuqtirib olgan. 2,3 milliondan ortiq kishi shifo topgan. Qurbonlar soni 355,6 mingdan oshgan.