TOShKENT, 28-may - Sputnik. Xitoy Gongkong atrofidagi vaziyatni BMT Xavfsizlik Kengashida muhokama qilishni rad etdi, bu AQShning ushbu tashkilotdagi doimiy vakolatxonasi bergan izohidan ma’lum bo‘ldi.
O‘z navbatida, XHRning BMTdagi doimiy vakili Chjan Szun tvitterda "Xitoy AQShning Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishini o‘tkazish haqidagi asossiz so‘rovini qat’iyan rad etadi" deb yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Gonkongning milliy xavfsizligi to‘g‘risidagi qonuni faqat Xitoyga taalluqli ichki ishi.
"Bu Xavfsizlik Kengashining faoliyati doirasiga aloqasi yo‘q", - deya ta’kidladi diplomat.
Xitoy doimiy vakilining so‘zlariga ko‘ra, "dalillar AQSh dunyodagi muammolar manbai ekanligini ko‘p bora isbotlaydi". "Xitoy AQShni zo‘ravonlik siyosati va tahqirlash amaliyotini darhol to‘xtatishga chaqirmoqda", - deya qo‘shimcha qildi u.
RIA Novosti agentligiga BMTdagi manbaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya delegatsiyasi Pekinning Gonkongdagi vaziyat Xitoyning ichki ishi va bu masala BMT Xavfsizlik Kengashi vakolatiga kirmasligi bo‘yicha pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi.
Gonkongning hukumatga qarshi kuchlari va bir qator G‘arb rasmiylarining noroziligi Butun Xitoy Xalq Kongressi (Xitoyning asosiy qonun chiqaruvchi organi) tomonidan "Gonkong maxsus ma’muriy hududida milliy xavfsizlikni ta’minlash uchun huquqiy tizim va ijro mexanizmlarini yaratish va takomillashtirish to‘g‘risida qaror" ko‘rib chiqilganligi sababli yuzaga keldi. Muxtoriyat uchun maxsus ishlab chiqilgan qonun loyihasida markaziy hukumatni ag‘darishga qaratilgan terrorchilik, tashqi aralashuv va separatistik faoliyatga qarshi kurashuvchi, shuningdek har qanday qo‘zg‘ash shakllari taqiqlanishi kerak.
Avvalroq, AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Robert O`Brayen, agar Pekin Gonkongni milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun loyihasi orqali "ishg‘ol qilsa", Xitoyga qarshi sanksiyalar kiritish bilan tahdid qilgan edi.
Chorshanba kuni AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Kongressga Gonkongning XHRdan muxtoriyati yo‘qligi to‘g‘risida xabar berdi, 1997-yilda bu hudud Buyuk Britaniyadan Xitoy hukumatiga berilganida bunday muxtoriyat ko‘zda tutilgan edi.
Avvalroq AQSh hukumati Gonkongga nisbatan xatti-harakatlari uchun Xitoy hukumatiga qarshi sanksiyalarni qo‘llash masalasini ko‘rib chiqayotganligini ma’lum qilgan edi. Keyinroq, Xitoy AQSh rasmiylarining Gonkong milliy xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun loyihasi bo‘yicha bayonotlari tufayli AQShga javob taqdim etdi va agar AQSh XHR manfaatlariga zid harakat qilsa, qarshi choralar haqida ogohlantirdi.