TOShKENT, 27-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev investitsiya masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Unda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida oltin, kumush va mis ishlab chiqarish hajmi 3 baravarga oshirilishi rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 26-may kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirish to‘g‘risida prezident qarori qabul qilindi.
“Unga ko‘ra, metallurgiya komplekslari va 2 ta mis boyitish fabrikasi barpo etish orqali mis va oltin ishlab chiqarish hajmi 3 baravarga oshirilib, mis ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari 400 ming tonna, oltin – 50 tonna va kumush 270 tonnagacha yetkaziladi”, - deyilgan xabarda.
Prezident zargarlik va elektr texnikasi kabi tarmoqlar bundan foydalanib, ishlab chiqarish hajmi va ish o‘rinlarini ko‘paytirishi zarurligini ta’kidladi.