TOShKENT, 27-may - Sputnik. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchilar qay hollarda soliq to‘lashi kerakligini Energetika vazirligi tushuntirib berdi.
2019 yil 21-mayda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining "Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida"gi qonuniga ko‘ra:
- qayta tiklanuvchi energiya manbaalaridan shaxsiy ehtiyojlar uchun foydalanilgan taqdirda - ruxsat beruvchi hujjatlar olish va soliq to‘lash talab etilmaydi;
- qayta tiklanuvchi energiya manbaalaridan sotish uchun energiya ishlab chiqarilganda - bu tadbirkorlikning yangi turi hisoblanadi va lokal elektr tarmoqlari bilan shartnoma tuzish va belgilangan tartibda soliq to‘lash talab etiladi;
Shuningdek, yuqoridagi qonunga muvofiq, faqat qayta tiklanuvchi energiyadan foydalayotgan fuqarolar, ya’ni mavjud energiya tarmoqlaridan to‘liq uzilgan taqdirda, jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘idan va yer solig‘idan uch yil muddatga ozod qilinadi.
Undan tashqari, 2019-yil 22-avgustda prezidentning PQ-4422-sonli qaroriga muvofiq, 2020-yilning 1-yanvaridan boshlab jismoniy shaxslarga quyosh fotoelektr stansiyalari uchun (3 mln. so‘mdan ortiq bo‘lmagan), quyosh suv isitgichlari uchun (1,5 mln. so‘mdan ortiq bo‘lmagan), shuningdek, energiya tejamkor gaz-gorelkali qurilmalar uchun esa (200 ming so‘mdan ortiq bo‘lmagan) sotib olish qiymatining uchdan bir qismi davlat budjeti hisobidan qoplanishini nazarda tutuvchi tartib joriy qilinishi belgilangan.
Shu bilan birga, Energetika vazirligi aholidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan (masalan, uyni yoritish uchun quyosh panellaridan foydalanish uchun ruxsat olish va soliq to‘lash kerak degan) ayrim mish-mishlarga ishonmaslikni, aniq ma’lumot uchun vazirlikka murojaat qilishni so‘raydi.