TOShKENT, 26-may — Sputnik. O‘zbekistonda futbol bo‘yicha agentlar (vositachilar) faoliyatini tartibga solish va ularni akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi amaliyotga joriy etiladi. Tegishli Hukumat qarori 22-may kuni qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, hududiy futbol assotsiatsiyalariga yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yosh futbolchilarni tanlash va saralab olish tizimini tubdan takomillashtirish, futbol sohasiga xususiy investitsiyalarni keng jalb etishni tashkil qilish kabi vazifalar tavsiya etildi.
“Sport maktablari futbol ligasi” va “Professional futbol maktablari ligasi” musobaqalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sport va ommaviy tarbiya tadbirlari taqvimi rejasiga kiritiladi.
Tegishli hududda professional futbolni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi, jumladan, har bir tumandan (shahardan) hududiy birinchiliklarda ishtirok etuvchi kamida bitta futbol jamoasi va o‘tkaziladigan musobaqalarga mos ravishda markaziy stadion bo‘lishi ta’minlanadi.