TOShKENT, 24-may — Sputnik. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani “Tolibon”* harakatining Ramazon hayiti nishonlanishi munosabati bilan 3 kun o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorini olqishladi. Tegishli bayonot davlat rahbarining Twitter sahifasiga joylangan.
“Men “Tolibon”ning o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi qarorini olqishlayman. <...> Bosh qo‘mondon sifatida, men Afg‘oniston Qurolli kuchlariga uch kunlik yarashuvga rioya qilishni va hujum qilingan taqdirdagina himoyalanishni buyurdim”, - deya yozgan G‘ani.
Shuningdek, u batafsil ma’lumot yakshanba kuni so‘zlaydigan nutqida e’lon qilinishini qo‘shimcha qilgan.
Avvalroq Tolo News telekanali toliblarning bayonotiga tayangan holda ular Ramazon hayiti nishonlanishi munosabati bilan 3 kunga o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qilishgani haqida xabar qilgan edi.
* Rossiya va qator mamlakatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkiloti