TOShKENT, 21-may — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikada koronavirus bilan bog‘liq bo‘lgan asosiy xabarlarni to‘pladi.
Bir sutka davomida 37 kishida koronavirus aniqlandi, oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2 964 nafarni tashkil qilmoqda.
Davolanish ko‘rsatkichi
Bugunning o‘zida 35 nafar bemor tuzalib, reabilitatsiyaga kuzatildi. Sog‘ayish ko‘rsatkichi 81,2 foizni tashkil qilyapti. 2 407 nafar fuqaro koronavirus infeksiyasidan butunlay forig‘ bo‘ldi.
Ayni paytda 544 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
Ertadan muzey, sayilgoh va galereyalar ochiladi
Respublika maxsus komissiyasining qaroriga binoan 22-maydan “sariq” va “yashil” hududlarda muzey, sayilgoh va galereyalar faoliyatiga ruxsat berildi. Ochiq sayilgohlarda joylashgan o‘yingoh va ovqatlanish shoxobchalari bundan mustasno.
Koronavirus infeksiyasi ikkinchi to‘lqinini oldini olish maqsadida bu maskanlarga kirish joylarida majburiy ravishda barcha tashrif buyuruvchilar tana xaroratlarini o‘lchagan holda kiritilishi (teplovizor yoki pirometr), shaxsiy himoya vositalarida bo‘lishlari (niqob), shuningdek, 2 metrlik ijtimoiy masofani saqlanishi talab etiladi.
Yana bir tibbiy markaz karantinga yopildi
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialida davolanayotgan bemorlar va tibbiyot xodimlaridan COVID-19 infeksiyasi aniqlanganligi sababli markazning faoliyati 19-maydan vaqtincha to‘xtatildi.
Markazda davolanayotgan 67 nafar bemorlar Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy amaliy tibbiy markazi Samarqand filialiga o‘tkazilgan.
Xayriya markazi faoliyati natijalari
Xayriya yordamini muvofiqlashtirish markazi poytaxtda o‘z faoliyatini yakunladi. U ikki oy avval ochilgan va shu vaqt ichida unga 65 ming marta murojaat qilindi.
Markaz ko‘ngillilari mahallalar tavsiyalari asosida bilan ishladi va so‘rovlar ijtimoiy tarmoqlar orqali ham kelgan. 84 mingdan ortiq oila ijtimoiy yordam oldi. Umumiy hisobda fuqarolarga 950 tonna oziq-ovqat yetkazildi.
Qo‘shniga yordam
O‘zbekistonlik shifokorlar tojikistonlik hamkasblariga COVID-19 bilan kurashishda yordam berish uchun Tojikistonning Sug‘d viloyatiga kelishdi.
Shifokorlar guruhiga respublikada xizmat ko‘rsatgan shifokor Ne’matjon Ibragimov rahbarlik qilmoqda. Tibbiy guruhga epidemiolog, virusolog va ikkita anesteziolog kiritildi.
Dunyo salomatligi
COVID-19 dunyoning deyarli barcha davlatga yetib bordi. BSSTning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda yangi koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan kishilarning soni 5,1 milliondan oshdi, 328 ming kishi vafot etdi.