TOShKENT, 20-may - Sputnik. O‘zbekiston aholisining beshdan bir qismi diniy qadriyatlarga asoslangan holda bank bilan hamkorlik qilishni istamayapti dedi Milliy tiklanish partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov.
"Partiyada olib borilgan tahlillar asosida aholining 17-22 foizi faqatgina muqaddas diniy qadriyatlar asosida bank bilan hamkorlik qilishni hoxlamayapdi degan xulosaga keldik", - deyilgan xabarda.
Qodirov aytishiga ko‘ra, ushbu xulosadan kelib chiqqan holda, "Milliy tiklanish" partiyasi ayni damda "muqobil kreditlash tizimi" bo‘yicha qonunchilik takliflarini tayyorlash jarayonini boshlagan.
Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlaridan birida aholining mablag‘lari banklar faoliyatiga samarali jalb qilinmayapdi, mijoz bilan ishni to‘g‘ri tashkil qilmagan bankning kelajagi yo‘q degan fikrni bildirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu yilning fevral oyida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Botir Zohidov O‘zbekistonda islomiy bank tizimini yuritish uchun hech qanday qonuniy cheklovlar yo‘qligini va 2019-yil oxiridan boshlab uchta bank islomiy kreditlash yo‘nalishlari ochishga tayyorgarlik ko‘rayotganini xabar qilgan edi.
Islomiy bank tizimi deyilganda shariat qonunlari asosida yuritiladigan bank tizimi nazarda tutiladi. Shariatda berilgan kreditdan foiz olish - harom hisoblanadi. Islomiy bank tizimida ishlovchi banklar foiz olish o‘rniga taklif qilinayotgan loyihada ma’lum ulush evaziga ishtirok etish va ehtimolli xavflarni mijoz bilan teng qabul qilishni nazarda tutadi. Undan tashqari islomiy banklar jinoyatchilik va alkogol va shariatda ta’qiqlangan boshqa faoliyatlar orqali topilgan mablag‘lar bilan ishlamaydi.