TOShKENT, 18-may — Sputnik. Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov Rossiyada koronavirusdan vafot etgan O‘zbekiston fuqarosini olib kelish va dafn qilish jarayoni qanday amalga oshirilishini tushuntirdi. Bu masalada fuqarolar kimga murojaat qilishlari kerakligini aytdi.
- COVID-19 kasalligi bilan ro‘yxatga olingan yoki gumon qilinib, vafot etgan bemorlar jasadi tegishli patanatomiya bo‘limi yoki Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy markazi va uning hududiy filiallariga qarashli jasad tashiydigan maxsus transport vositasida epidemiyaga qarshi barcha chora-tadbirlarga rioya qilgan holda tashiladi;
- patanatomiya bo‘limi sud-tibbiy ekspertiza ilmiy markazi va uning hududiy filiallari, shuningdek, chet davlatlardan havo yo‘llari va avtomobil yo‘li orqali COVID-19 kasalligi bilan ro‘yxatga olingan yoki gumon qilinib, vafot etgan bemorlar tobuti uyga olib borilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabristonga olib borilib, dafn etiladi;
- mayitni kutib olish va qabristonga yetkazish tadbirlari alohida ajratilgan maxsus avtotransport vositasi yordamida amalga oshiriladi;
- mayitni maxsus transport vositasida olib borilmasdan, yaqinlari va qarindosh-urug‘lariga berib yuborish qat’iyan man etiladi;
- shaxsi aniqlanmagan va qarindoshlari tomonidan olib ketilishi rad etilgan jasadlar alohida ajratilgan qabristonga yuqorida qayd etilgan barcha qoidalarga rioya etgan holda dafn etiladi.
Otabekov bunga asos SSV huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligining 2020-yil 26-aprelda imzolangan 04-8/2708 sonli alohida ko‘rsatma xati ekanini qayd etdi.
“Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, bu kabi holatlarda hududiy Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi markazlariga murojaat etish zarur”, - dedi u.