TOShKENT, 16-may - Sputnik. Sardobada to‘g‘on o‘pirilishi oqibatida 6 kishi - 2 ayol, 4 erkak halok bo‘lgan, bir kishi bedarak yo‘qolgan. Bu haqda O‘zbekiston FBB Xalqaro press-klubning Sirdaryo viloyatidan “Sardoba-2020: sinov, birdamlik, mehnat, sifat” mavzuyidagi efiri davomida ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni tong sahar Sardoba suv ombori to‘g‘onining bir qismi o‘pirilib, yondosh tumanlardagi mahallalar va dalalarni suv bosgan edi.
Ushbu favqulodda vaziyat oqibatida Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida 2 ming 570 ta uy-hovli, 76 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan edi. Shuningdek, 1 ming 781 hovli, 52 ta ko‘p qavatli turar joy qisman zararlangan. 70 ta ijtimoiy obyekt, 20 ming gektarga yaqin ekin maydoni, 828 kilometr yo‘l, elektr, gaz, ichimlik suv, aloqa tarmoqlariga talafot yetgan. Tezkor chora-tadbirlar natijasida tumanlardagi 28 ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan edi.
Zarar ko‘rgan 4,5 mingga yaqin xonadon egalarining har biriga: 40 mln. so‘mlik moddiy yordam; televizor, muzlatgich, kir yuvish mashinasi, minipech, elektr choynak va dazmol kabi maishiy texnikalardan iborat sovg‘alar topshirilmoqda.
Uy-joyi butunlay yaroqsiz holga kelib qolgan aholi uchun 3 ta massivda jami 2 ming 640 kvartirali 66 ta 5 qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Ta’mirlanadigan va yangi quriladigan uylar davlat tomonidan bepul qurib-ta’mirlab beriladi.
1 sentabrgacha odamlar yangi uylarga va o‘zlarining ta’mirlangan hovli-joylariga to‘liq ko‘chib o‘tadi. Shu bilan birga, uylari zararlangan odamlarning ilgarigi hovlilari ham o‘zlarida qoladi.
Uchta tumanda 1 ming 800 ga yaqin beton panelli kottejlar zamonaviy ta’mirlanib topshiriladi.