TOSHKENT, 15 may — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga keldi.
Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga koʻra, Sardoba suv ombori toʻgʻonining bir qismi oʻpirilib, yondosh tumanlardagi mahallalar va dalalarni suv bosgan joyda bugungi kunga qadar 20 ta aholi punktidagi buzilgan uylar va ularning atrofi chiqindilardan tozalandi. 13 ta mahalladan suv qoldiqlari chiqarilgan.
Ushbu mahallalarda hayot asta-sekin izga tushmoqda. Hozirda qariyb 66 ming aholi oʻz uylariga qaytdi. Boshqa joylarda tozalash-taʼmirlash ishlari tezkor surʼatlarda davom etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev dastlab Sardoba tumanida boʻlib, hududda olib borilayotgan ishlarni koʻzdan kechirdi. Taʼmirlanayotgan xonadonlarni kirib koʻrdi, odamlar bilan suhbatlashdi.

Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida uy-joylari butunlay yaroqsiz holga kelib qolgan aholi uchun 3 ta massivda jami 2 ming 640 kvartirali 66 ta 5 qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan.

“Xususan, Sardoba tumanidagi “Doʻstlik” mahallasida 1480 xonadondan iborat 37 ta uy barpo etiladi. Davlatimiz rahbari mazkur turar joylarning poydevoriga tamal toshi qoʻydi”, - deyilgan xabarda.
Eslatib oʻtamiz, Sardoba suv ombori toʻgʻonining bir qismi oʻpirilib, yondosh tumanlardagi mahallalar va dalalarni suv bosgan edi. Ushbu favqulodda vaziyat oqibatida Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida 2 ming 570 ta uy-hovli, 76 ta koʻp qavatli uy yaroqsiz holga kelgan edi. Shuningdek, 1 ming 781 hovli, 52 ta koʻp qavatli turar joy qisman zararlangan. 70 ta ijtimoiy obʼyekt, 20 ming gektarga yaqin ekin maydoni, 828 kilometr yoʻl, elektr, gaz, ichimlik suv, aloqa tarmoqlariga talafot yetgan. Tezkor chora-tadbirlar natijasida tumanlardagi 28 ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan edi.