TOShKENT, 14-may — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev mamlakatda karantin talablarini yanada yumshatish, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilish o‘tkzildi.
Unda davlat rahbari pandemiya sharoitida ish haqi, nafaqa va pensiyalarni to‘lash tartibi haqida ham to‘xtatib o‘tdi.
Ma’lumki, kasallik yuqishi xavfidan kelib chiqib, to‘lovlar naqdsiz shaklga o‘tkazilgan edi.
“Aholi, ayniqsa, pensionerlarning murojaatlarini hisobga olib, ish haqi, nafaqa va pensiyalar, karantin qoidalariga to‘liq amal qilgan holda, naqd pulda tarqatilishi belgilandi”, - deyilgan prezident matbuot xizmati xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank pensiya may oyidan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida istiqomat qiluvchi pensionerlarga bank kartalari orqali to‘lanishini ma’lum qilgan edi. Biroq pensiya mablag‘larini bank kartalari orqali aholiga yetkazish ishlari to‘g‘ri tashkil etilmaganligi aholi uchun bir qator noqulaylikni keltirib chiqardi va e’tirozlarga sabab bo‘ldi.
Shuningdek, “HUMO” to‘lov tizimining ayrim to‘lov terminallari orqali to‘lovlarni amalga oshirishda uzilishlar yuzaga keldi. Keyinchalik pensionerlarga bank xizmatlaridan foydalanishda maksimal darajada qulaylik yaratish maqsadida xizmat ko‘rsatadigan banklarni tanlash imkoniyati berilishi ma’lum qilindi.