TOShKENT, 14-may — Sputnik. Birovning telefon raqamiga pornografik telegram kanal ochgan andijonlik fuqaroga chora ko‘rildi.
IIV Tezkor qidiruv hamkorligi boshqarmasi xabariga ko‘ra, 23-mart kuni ichki ishlar organlariga Toshkent shahri, Yashnobod tumanida yashovchi fuqaro D.S. ariza bilan murojaat qilgan. U noma’lum shaxs “Aqilli fayzik” profili yordamida telegramda uning telefon raqamiga turli xil pornografik shakldagi foto va videolavhalar joylashtirilgan “UZB KAYF GOLD” kanalini ochganini ma’lum qilgan. Fuqaro ushbu vaziyatga oydinlik kiritish va uning telefon raqamidan noqonuniy foydalanib kelayotgan shaxsga chora ko‘rishni so‘ragan.
Holat yuzasidan IIV Tezkor qidiruv hamkorligi boshqarmasi hamda Andijon viloyati IIB xodimlari tezkor qidiruv tadbirlarini o‘tkazgan. Unda qonunbuzar Andijon viloyati Marhamat tumanida yashovchi X.F. ismli fuqaro ekani aniqlangan.
Tekshiruvda fuqaro arizachiga tegishli bo‘lgan telefon raqamini “Asalhone 2” nomi bilan nomlab, inson qadr-qimmatini kamsituvchi uyatsiz va buzuq haqoratli so‘zlar yozilgan holda o‘sha telegram kanalda qizlarning raqami va ma’lumot tarqatgani aniqlangan.
Uning “MI-6” telefoni ashyoviy dalil sifatida olingan va unda yuqorida bayon etilgan faktlar o‘z tasdig‘ini topgan.
Marhamat tumani Ma’muriy sudi X.F.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (“Haqorat qilish”) va 189-moddasida (“Pornografik mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish”) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topgan. Unga uzil-kesil bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdoridagi (669 ming so‘m) jarima jazosini tayinlagan. “MI-6” telefoni esa davlat foydasiga musodara qilingan.