TOShKENT, 13-may — Sputnik. SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibulla Oqilov AOKAdagi brifingda O‘zbekistonda aniqlanayotgan korovirus holati nimaning hisobiga oshayotganiga oydinlik kiritdi.
Uning ma’lum qilishicha, yangi aniqlangan holatlar asosan karantinga olinganlar orasida aniqlanmoqda. Ular charter-reyslar bilan chet ellardan qaytarib olib kelinayotganlar, avtomobil yo‘llari orqali chegaradan o‘tib kelayotganlar, uzoq masofalarga qatnovchi, katta yuk tashuvchi trasport vositalari haydovchilari orasidan aniqlanmoqda.
Oqilov aholi orasida aniqlangan holatlar foizi sezilarli darajada pastligi va bu karantin choralarini yengillashtirish bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 7-may kungi videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonga qayta olmagan 11 mingga yaqin xorijdagi vatandoshlarni Rossiya, Turkiya, Dubay va boshqa joylardan olib kelinishini aytgan edi. 8-12-may kunlari Dubay, Minsk, Seul, Dehli, Frankfurt va Moskva shaharlaridan 1243 nafar o‘zbekistonlik vatanga charter reyslarida qaytarilgan.