TOShKENT, 12-may — Sputnik. Milliarder Alisher Usmonov Qozog‘istonning Turkiston viloyat Maqtaaral tumanidagi Sardoba suv toshqinidan zarar ko‘rgan har bir oilaga 1000 dollardan yordam puli beradi deb xabar qilmoqda viloyat akimligi matbuot xizmati.
"Ayni damda barcha fuqarolardan hujjatlar qabul qilish jarayoni ketmoqda. Hujjatlar to‘planganidan so‘ng ordam puli tumanning 5202 nafar zarar ko‘rgan oilalarning boshliqlari hisob raqamlariga o‘tkazib beriladi", - deyilgan xabarda.
Qozog‘istonda zarar ko‘rgan fuqarolarga jami 5,2 million dollar mablag‘ to‘lanadi.
O‘zbekistonda Sardobada zarar ko‘rganlarga yordam berish uchun Alisher Usmonov 10 million dollar xayriya qilgan edi. Mablag‘lar "Turkiston" ijtimoiy rivojlanish fondiga o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, 1-may kuni sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat tufayli Sardoba suv omborining devori yorilishi oqibatida Sirdaryo viloyatida bir necha qishloqlarni va Qozog‘iston hududining bir qismini suv bosgan edi. Aholi turar joylari va infraqurilma obyektlari zarar ko‘rgan edi.