TOShKENT, 4-may — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida samaradorlikni oshirish, energiya sarfini optimallashtirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda yaqin yillarda energiya sarfini 2-2,5 barobarga qisqartirish masalalari muhokama qilindi.
Ommabop qishloq xo‘jaligi texnikasi va yuk avtomobillarini gazga moslashgan holda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Joriy yil yakunigacha 3 ta propan-butan aralashmasi hamda sintetik yoqilg‘i (GTL) zavodi ishga tushirilishi qayd etildi. Buning natijasida aviakerosin, dizel va suyultirilgan gaz importi to‘liq qisqaradi.
Prezident ko‘p qavatli uylarni loyihalash va qurishda energiya tejovchi texnologiyalarni keng qo‘llash, ijtimoiy soha obyektlarining energiya samaradorligini oshirishga xorijiy investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Sanoatdagi energiya sarfi ham tahlil qilinar ekan, har bir soha va tarmoq kesimida ushbu resursni tejash va samaradorligini oshirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Xalqaro energoaudit tashkilotlarini jalb qilib, 285 ta yirik sanoat korxonasining energiya samaradorligini o‘rganish, uch smenada ish tashkil etgan tadbirkorlarga kechki smena uchun elektr tarifini 1,5 baravar kamaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantirish, qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqib, jahon tajribasi asosida iste’molchilarga qo‘shimcha shart-sharoit yaratish muhimligi ta’kidlandi. Sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilish, viloyatlarda quyosh fotoelektr va shamol elektr stansiyalari qurishga doir masalalar ko‘rib chiqildi.
Elektr energiyasi hamda tabiiy gaz sarfini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini yanada keng joriy etish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Karantin sababli yoqilg‘i-energetika korxonalarida mablag‘ tanqisligi vujudga kelishini inobatga olib, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, aylanma mablag‘larini ko‘paytirish chora-tadbirlari belgilandi.