TOShKENT, 1-may - Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoga viloyatidagi "Sardoba" suv ombori yaqiniga vertolotda yetib keldi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.
"Prezident Shavkat Mirziyoyev zudlik bilan Sirdaryo viloyati Sardoba tumaniga yetib keldi. Vaziyat to‘liq nazoratga olingan, sarosimaga tushishga asos yo‘q", - deyilgan xabarda.
Voqea sodir bo‘lgan joyga prezident bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa hukumat vakillari bilan yetib kelgan. Sirdaryoda prezidentni Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda mahalliy kuchishlatar tizimlar rahbarlari kutib olishdi. Shavkat Mirziyoyev shuningdek mahalliy aholi vakillari bilan uchrashdi.
Eslatib o‘tamiz, FVV bugun ertalab Sardoba suv ombori dambasidan suv chiqqanini va yaqin atrofdagi 3 qishloqdan 11 mingdan ortiq aaholi evakuatsiya qilinganini xabar qilgan edi.
Hozirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan tezkor chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xususan, suv ombori yaqinidagi qishloqlar aholisi evakuatsiya qilinmoqda.