TOSHKENT, 29 apr - Sputnik. Oʻzbekistonning YEOIIga kuzatuvi maqomida qoʻshilishi hech qanday cheklovlarga olib kelmaydi, dedi yuridik fanlar nomzodi, Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti Ixtiyor BEKOV.
"Shuni alohida taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonning YEOIIga "kuzatuvchi davlat" sifatida kirishi va unga toʻlaqonli aʼzo boʻlishning oʻrtasida huquqiy jihatlardan farqlar mavjud. Yaʼni, "kuzatuvchi davlat"ga nisbatan tashkilot hech qanday shart yoki keskin talablarni qoʻymaydi. Shu sababli, kuzatuvchi davlat maqomida boʻlish Oʻzbekistoning tashqi manfaatlari va ichki siyosatiga taʼsir koʻrsatmaydi", - dedi huquqshunos.
Bekov, shuningdek, Oʻzbekiston oʻz konstitutsiyasining 17-moddasiga koʻra, davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida ittifoqlar tuzishi, hamdoʻstliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi va ulardan ajralib chiqishi mumkinligini ham eslatib oʻtdi.
Huquqshunos fikriga koʻra, YEOII bilan hamkorlik Oʻzbekiston mahsulotlarining YEOIIga aʼzo mamlakatlari bozorlariga chiqishida mavjud sunʼiy toʻsiqlar va eksport qilish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar kamayadi, yuklarni yetkazib berish logistikasi yaxshilanadi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish muddatlari qisqaradi.
Yana bir muhim jihat. YEOIIga kuzatuvchi maqomda boʻlishning muddatlari va shartlari aniq belgilanmagan. Bu degani, kuzatuvchi maqomdagi davlat hech narsa yutqazmaganligi ortidan ushbu tashkilot aʼzolari bilan muloqotni uzmasdan, samarali hamkorlikni davom ettirishi mumkin. Shu sababli, Oʻzbekistoninng YEOII bilan hamkorligi yuzasidan Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan tegishli qaror har jihatdan davlat va xalq manfaatlariga birdek xizmat qilishi, shubhasiz, - deyilgan xabarda.
Eslatib oʻtamiz, kecha 28 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan Oʻzbekistonning YEOII ga kuzatuvchi davlat sifatida kirishi toʻgʻrisidagi qaror qabul qilindi.Ushbu qaror boʻyicha yigʻilishda ishtirok etgan jami 132 nafar deputatdan 86 nafari tarafdor (yoqlab), 32 nafari — qarshi, 14 nafari esa betaraf ovoz bergan edi.