TOShKENT, 26 apr — Sputnik. Qozog‘istonning Taraz shahridagi harbiy qismda harbiy xizmatchilarning koronavirus yuqtirib olganligi tufayli karantin joriy qilindi. Bu haqda Sputnik Qozog‘iston nashri xabar bermoqda.
“Ha, haqiqatdan ham harbiy qism karantinga yopildi. Kasallanganlar sonini ayta olmaymiz”, - deya Taraz akimati matbuot xizmati xabarni tasdiqlagan.
Taraz harbiy qismi matbuot xizmati koronavirus yuqtirib olgan harbiylar orasida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotganlar yo‘qligini ta’kidlagan. Chunki muddatli harbiy xizmatni o‘tayotganlar shaharni dezinfeksiya qilish ishlariga jalb qilinmagan. Bundan tashqari, ular shartnoma bo‘yicha xizmat qilayotganlardan alohida turadi.
Qozog‘istonda koronavirus bilan bog‘liq 2652 ta holat tasdiqlangan. 646 nafar bemor tuzalib ketgan. 25 kishi esa virus qurboniga aylangan.