AQSh Energetika vazirligi Rossiya va Xitoyni yadro texnologiyalari bozorlaridan siqib chiqarishni maqsad qilgan yangi strategiyani e’lon qildi. Agentlik saytida ta’kidlanganidek, AQSh ushbu sohada dunyoda yetakchi bo‘lishi kerak.
"Oxir oqibat AQSh hukumati hozirda Rossiya va Xitoy davlat kompaniyalari ustunlik qilayotgan bozorlarga kirib, yadro energetikasi sohasidagi eng yaxshi texnologiyalarni, shuningdek, yadro qurolini tarqatmaslik bo‘yicha qat’iy standartlarni eksport qilish bo‘yicha dunyoda bizning o‘rnimizni tiklaydi", - deyiladi prezident Donald Trampga ko‘rib chiqishi uchun taqdim qilingan hujjatda.
Energetika vazirligining rejasiga ko‘ra, Rossiya va Xitoyning "Sharqiy Yevropa va Afrikaning bir qator davlatlari" bilan mustahkam aloqalar o‘rnatishiga to‘sqinlik qilish kerak. Bundan tashqari, AQShning Yadroviy tartibga solish komissiyasiga "milliy xavfsizlikni ta’minlash uchun Rossiya va Xitoyda ishlab chiqarilgan yadro yoqilg‘isini import qilishni rad etish"ga ruxsat berish taklif etiladi.
RIA Novosti xabariga ko‘ra, bu "Rosatom" davlat korporatsiyasining "TVEL" yoqilg‘i kompaniyasiga tegishli bo‘lishi mumkin. 2016-yilda "TVEL" Amerika atom elektr stansiyalari operatorlaridan biri bilan o‘zining "TVS-Kvadrat" yadro yoqilg‘isini tajribaviy qo‘llanishi bo‘yicha birinchi shartnomani imzolagan edi.
Harbiy siyosatshunos, Plexanov nomidagi REU Siyosatshunoslik va sotsiologiya kafedrasi mudiri Andrey Koshkin Sputnik radiosi efirida AQSh Energetika vazirligining pozitsiyasiga munosabat bildirdi.
“AQSh bugungi kunda sayyorada yetakchi bo‘lish g‘oyasi uchun hamma narsani qilmoqda. U Rossiya va Xitoyni yadro texnologiyasi sohasidan siqib chiqarishga harakat qilmoqdalar. Ammo shuni tushunish kerakki, bugungi kunda bunday bayonotlar haqiqatni yoritolmaydi. AQSh imkoniyatlarni boy bermoqda va hamma joyda ham birinchi bo‘lishga qodir emas. Buni biz hatto koronavirusga qarshi kurash natijalaridan ham ko‘rishimiz mumkin - AQSh boshqa davlatlar uchun namuna emas. Boshqa sohalarda ham ular tashabbusni yo‘qotishmoqda. Ammo ular jahon miqyosida jandarm unvonini tasdiqlashga tayyor ekanliklarini isbotlovchi hujjatlar qolmoqda. Rossiya ham, Xitoy ham yuqori texnologiyali sohalarni juda muvaffaqiyatli o‘zlashtirishmoqda, AQSh esa ularga yetib ololmayapti. Bunday strategiyalarni yozayotganlarning harakatlarining barchasi, AQSh bir paytlar bir qutbli dunyo rejimida bo‘lganligining tashviqot urinishiga taqaladi. Ammo bugungi kunda bu model qulamoqda", - deydi Andrey Koshkin.