TOShKENT, 22 apr — Sputnik. Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In o‘rniga uning singlisi Kim Yo Chjon tayyorlanmoqda. Bu haqda RIA Novosti Yaponiyaning “Iomiuri” gazetasiga asosan xabar qildi.
Nashrning manbalariga ko‘ra, favqulodda holat uchun bunday harakatlar rejasi ishlab chiqilgan.
Ta’kidlanishicha, KXDR Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasining 2019-yil oxirida bo‘lib o‘tgan plenumida Kim Chen In to‘satdan vafot etgan taqdirda mamlakatdagi barcha hokimiyatni o‘z singlisiga topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Ko‘p o‘tmay, "Kim Yo Chjon nomidan partiya va harbiy yo‘nalishlarga oid ko‘plab ko‘rsatmalar olindi".
Shuningdek, yanvar oyida Kim Chen Inning ahvoli yomonlashgani sababli Fransiyadan bir guruh shifokorlar Pxenyanga keldi. Kim Chen Inda yurak muammolari, yuqori qon bosimi va diabet kasalligi bo‘lgan. Shundan so‘ng, vorisni tayyorlash bo‘yicha ishlar jadallashdi va Kim Yo Chjon KXDR iyerarxiyasida "ikkinchi raqamli shaxs" bo‘ldi.
Kuni kecha CNN telekanali xabar berishicha, jarrohlik amaliyotidan so‘ng Shimoliy Koreya rahbarining sog‘lig‘i keskin yomonlashdi. Ta’kidlanishicha, ko‘p yillar davomida birinchi marta Kim Chen In eng muhim milliy bayramlardan birida - mamlakat asoschisining tug‘ilgan kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan marosimda ishtirok etmadi.