TOShKENT, 21 apr - Sputnik. Iqtisodiyot fanlari doktori, sobiq Rossiya qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Leonid Xolod o‘zbek paxtasiga xalqaro bozorda qo‘yilgan ta’qiq borasida o‘z fikrini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada O‘zbekiston mehnat vaziri Nozim Husanov Cotton Campaign xalqaro paxta ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasiga O‘zbekiston paxtasiga qo‘yilgan ta’qiqni olib tashlash borasida murojaat qilgan edi. Cotton Campaign o‘tgan 2019-yilda ham O‘zbekiston dalalarida "100 mingdan ortiq kishilarning majburiy mehnatdan foydalanilganini" vaj qilib, ushbu murojaatnomaga rad javobi bergan.
Rossiyalik mutaxassis fikriga ko‘ra, O‘zbekiston paxtasiga cheklov qo‘yish uchun hech qanday obyektiv sabablar yo‘q.
"Bu "tirnoq ostidan kir qidirish"dan boshqa narsa emas. Men o‘tgan yili O‘zbekistonda bo‘lganman, dalalarga ham borganman. U yerda hech qanday bolalar majburiy mehnati yoki tikanli simlarni ko‘rmaganman. Dalalarda ishlayotgan mavsumiy ishchilar o‘ziga yarasha pul topishadi. Bu odatiy hol. Rossiyada ham meva terish mavsumida juda ko‘p ishchilar yollanadi. Xalqaro assotsiatsiyaning o‘zi vaziyatni bo‘rttirib ko‘rsatishdan manfaatdor", - dedi Xolod.
Mutaxassis fikriga ko‘ra, paxta bozori, boshqa xom ashyo bozorlariga biroz o‘xshamagan bo‘lib, u yerdagi ishtirokchilar yana bir yetkazib beruvchini ko‘rishni istamaganliklari bilan bog‘liq. O‘zbekiston sobiq Ittifoq davridan buyon kuchli paxta xom ashyo bazasiga ega. Xalqaro paxta bozorida yana bir kuchli raqibning paydo bo‘lishi, albatta, hech kimga yoqmaydi.
"O‘zbekistonning o‘zi bo‘lsa bu borada to‘g‘ri yo‘ldan ketmoqda. U tayyor mahsulot bilan savdo qilish uchun o‘z paxtani qayta ishlash sanoatini rivojlantirmoqda. Bu sohada "bozor iqtisodiga xos bo‘lmagan" to‘siqlar qo‘yish qiyin bo‘ladi. tayyor mahsulot bilan savdo qilish - davlat g‘aznasi uchun ham foydali", - deydi ekspert.
Leonid Xolodning to‘liq sharhini Sputnik audiopodkastida eshiting. (rus tilida)