TOShKENT, 21 apr - Sputnik. Kecha 20-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Miriyoyev ayrim hududlarda karantinni yumashatish masalasini ko‘rib chiqishni topshirdi.
"Davlatimiz rahbari Respublika komissiyasiga koronavirus umuman aniqlanmagan yoki epidemiologik vaziyat yaxshilangan viloyat, tuman va shaharlarda karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi. Faoliyati tiklanadigan obyektlarda ishlar sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda tashkil etiladi", - deyilgan xabarda.
Yig‘ilishda prezident shuningdek vaqtincha ishlamayotgan va yordamga muhtoj oilalarni aniqlab, ularni manzilli asosda oziq-ovqat va dori-darmon bilan ta’minlash ko‘lamini yanada kengaytirish kerakligi ta’kidlandi. Bu borada prezident “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi.
– Yaqin kunlarda barchamiz uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi kirib keladi. Bu oyda ehtiyojmand va muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish ham qarz, ham farzdir. Shuning uchun ushbu muqaddas oyda har bir tadbirkor o‘zi faoliyat yuritayotgan hududda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalo mahalladoshlari, qo‘ni-qo‘shnilarini faol qo‘llab-quvvatlashi maqsadga muvofiq, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Imkoniyatidan kelib chiqib, qaysidir tadbirkor bir oyda misol uchun, 10 ta, boshqa biri esa 20 ta oilaga ko‘maklashishi, eng muhimi muhtoj oilalar a’zolarini ishga jalb qilishi mumkin. Davlat tomonidan o‘z navbatida bunday tadbirkorlarga soliq, lizing, kredit to‘lovlari, zarur resurslar bilan ta’minlash bo‘yicha turli imtiyoz va preferensiyalar beriladi. Ya’ni, bu aholiga davlat tomonidan tadbirkorlik subyektlari orqali ko‘rsatiladigan saxovat va ko‘mak bo‘ladi, - dedi prezident.
Ushbu tashabbus Savdo-sanoat palatasining joylardagi bo‘limlari, banklar, ijtimoiy muhofaza idoralari hamkorligida amalga oshirilishi belgilandi.