Rossiya FMS rahbarining sobiq o‘rinbosari Vacheslav Postavnin qabul qilingan migrantlarni ro‘yxatdan o‘tish va patentlarini uzaytirish zaruriyatidan ozod qilish to‘g‘risidagi qarorni mutlaqo to‘g‘ri qaror deb atadi. Ammo ma’muriy masalalarni hal qilinishi millionlab odamlarning daromad topishda yurgan iqtisodiy muammolarini yengillashtirmaydi.
"Ro‘yxatdan o‘tish va patent uzaytirildi, ammo bu (odam – tahr.) ishlayotganligidan dalil emas. Karantin tufayli u ishidan mahrum bo‘lishi mumkin edi. Shuning uchun u noqonuniy ishlayotganlar bilan bir qatorga tushdi – na unisida ish bor va na bunisida. Ularni nima qilish kerak? Ular uylariga qayta olmaydi", - dedi Postavnin.
U pandemiya paytida Rossiyada rasmiy ravishda ishlayotgan mehnat migrantlarini Rossiya fuqarolari bilan tenglashtirish juda samarali va adolatli bo‘ladi deb hisoblaydi. Shu bilan birga, yuz minglab noqonuniy migrantlarni qo‘llab-quvvatlash haqida gapirishning hojati yo‘q.
"Pullarni rossiyaliklarni qo‘llab-quvvatlamasdan, noqonuniy sektorda ishlab ish haqini konvertda oladigan barcha migrantlarga tarqatish bu bema’nilikdir. Hozircha biz bu muammoni hal qilmagunimizcha hech narsa qilib bo‘lmaydi", - deya qo‘shimcha qildi ekspert.
Shu bilan birga, u migrantlar yirik va badavlat vatandoshlar va tashkilotlarning yordamiga umid qilmasalari ham bo‘lishini ta’kidladi, chunki bunday mexanizm hech qachon amalga oshirilmagan.
"Biz o‘ziga xos o‘zaro yordam jamg‘armasi yoki shunga o‘xshash tuzilmani yaratishni taklif qilgan edik. Hozir ushbu vosita qiyin vaziyatda juda foydali bo‘lar edi. Ammo hozircha bu kabi tuzilmalar shakllantirilmagan", - deb shikoyat qildi Postavnin.
Sputnik O‘zbekiston podkastida mutaxassisning batafsil izohini tinglang.