TOShKENT, 20 apr — Sputnik. Hukumat qarori bilan Umumiy o‘rta ta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarning harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan sinflari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim fanlari doirasida harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishi bo‘yicha o‘quvchilarning chuqur ta’lim olishini ta’minlash ixtisoslashtirilgan sinflarning maqsadi hisoblanadi.
Bu sinflarga maktablarning 6-sinfini muvaffaqiyatli yakunlagan, chuqurlashtirilgan fanlardan qobiliyatini ko‘rsata olgan o‘g‘il va qizlar tanlov asosida qabul qilinadi.
Nomzodlardan tegishli hujjatlar 1-20 iyul kunlari qabul qilinadi.
Jismoniy tayyorgarlik sinovlari 21-iyul – 5-avgust, tegishli fanlar bo‘yicha test sinovlari 15-25 avgust kunlari oralig‘ida o‘tkaziladi.
Jismoniy tayyorgarlik sinovlari yakunlari bo‘yicha 100 ballik tizimda 70 va undan yuqori ball to‘plagan nomzodlar test sinovlariga qo‘yiladi.
Maktablarning ixtisoslashtirilgan sinflarida o‘qish muddati 5-yildan (7-11 sinflar) iborat bo‘ladi.
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan sinflarga 6-sinfni bitirgan 30 nafar o‘quvchi qabul qilinadi.