TOShKENT, 19 apr — Sputnik. AOKA shtabida Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Anvar Umarov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Brifingda bosqichli nazorat va yakuniy davlat imtihonlari qanday o‘tkazilishi borasida savol berildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va tegishli davlat tashkilotlari 5-11-sinf o‘quvchilari uchun bosqichli nazorat va yakuniy davlat imtihonlarini o‘tkazish yo‘llari yoki bekor qilish masalasini muhokama qilmoqda. Ishlab chiqilgan takliflar Maxsus hukumat komissiyasi muhokamasiga taqdim etiladi”, - dedi Umarov.
Qayd etilishicha, XTV Maxsus hukumat komissiyasining bu masaladagi qarorini o‘z kanallari orqali ma’lum qiladi.
O‘quvchilarga “Onlayn maktab” kanallarida namoyish etilayotgan televizion darslar orqali bilim olishni davom ettirish tavsiya qilingan.