TOShKENT, 19 apr — Sputnik. Axborot texnologiyalari sohasidagi yirik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Jo‘ra Abdullayev shu yil 18-aprel kuni 93 yoshida vafot etdi. Prezident uning vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi.
Jo‘ra Abdullayev 1927-yil 21-fevralda Toshkent shahrida tug‘ildi.
1953 yilda O‘rta Osiyo politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti)ni tugatib, Rossiya Fanlar akademiyasining Avtomatika va telemexanika instituti aspiranturasida tahsil oldi. 1959-yilda nomzodlik, 1974-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1989-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi etib saylandi.
Abdullayev o‘z mehnat faoliyatini 1956-yili O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Energetika va avtomatika institutining kichik ilmiy xodimi sifatida boshladi. Ushbu maskanda katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri lavozimlarida samarali mehnat qildi. Keyinchalik O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, Toshkent elektrotexnika va aloqa instituti (hozirgi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti) rektori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining prezidenti vazifasini bajaruvchisi, mexanika va informatika fanlari bo‘limi raisi, Informatsion texnologiyalar va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi bosh ilmiy xodimi kabi mas’ul vazifalarda samarali xizmat qilib, respublikada malakali ilmiy kadrlar tayyorlash, zamonaviy ilm-fan tarmoqlarini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdi.
Zahmatkash olimning axborot texnologiyalari sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan ko‘plab maqolalari, kitob va monografiyalari mamlakat va xorijiy mamlakatlar ilmiy jamoatchiligi o‘rtasida yaxshi ma’lum. Uning bir qator ilmiy ishlanmalari iqtisodiyot tarmoqlarida muvaffaqiyatli qo‘llanib kelmoqda.
Jonkuyar ustoz, mohir pedagogning bevosita rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.
Akademik Jo‘ra Abdullayevning mamlakat ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlat tomonidan munosib baholandi. U “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni va “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan edi.
“Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Jo‘ra Abdullayevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, - deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.