TOShKENT, 19 apr — Sputnik. O‘zbekistonda muddati tugagan hujjatlar amal qilish muddati 2020-yil 1-iyulga qadar uzaytiriladi. Bu haqda AOKA shtabida IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan avtotransport vositalari egalariga qulaylik yaratish hamda muddati tugagan hujjatlar uchun yengillik berish maqsadida:
- barcha ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan hujjatlar (litsenziya va ruxsatnomalar);
- shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar (fuqarolik pasporti, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida yashashiga ruxsatnoma);
- avtotransport vositalarini boshqarish uchun talab qilinadigan hujjatlar (sug‘urta polisi, ishonchnoma, texnik ko‘rikdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlar) amal qilish muddati 2020-yil 1-iyulga qadar uzaytiriladi.
Qayd etilishicha, ularning muddati o‘tganligi munosabati bilan yuridik va jismoniy shaxslarga javobgarlik va boshqa ta’sir choralari qo‘llanilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda karantin rejimi 10-maygacha uzaytirilgani xabar qilingan edi.