TOShKENT, 14 apr — Sputnik. 14-aprel kuni soat 12:38 Olmazor tumani Chig‘atoy Darvoza chorrahasida chaqiruv bo‘yicha ketayotgan “Ford” rusumli tez yordam mashinasi hamda “Epica” rusumidagi avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi.
Natijada 5 kishi jarohatlangan.
Ular zudlik bilan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, belgilangan tartibda tez tibbiy yordam ko‘rsatilgach, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan.
Jarohatlanganlardan biri ko‘chma brigada shifokori, 32 yoshli U.U.ning ahvoli qoniqarli bo‘lganligi sababli uyiga javob berilgan.
Tezkor brigada feldsheri, 20 yoshli O.O., tez yordam avtomashinasi haydovchisi, 55 yoshli I.G. hamda “Epica” rusumdagi avtomashina haydovchisi va yo‘lovchisi: 46 yoshli N.S. va 20 yoshli M.A. lar esa markazning neyrojarrohlik bo‘limiga yotqizilgan. Ayni paytda ularning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda. Bemorlarga malakali shifokorlar tomonidan standartlar asosida tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Hozirda yo‘l-transport hodisasi yuzasidan surushtiruv ishlari olib borilmoqda.