TOShKENT, 14 apr - Sputnik. O‘tgan juma kuni AQSh prezidenti Donald Tramp koronavirusga qarshi kurashda Shvetsiya uslubini keskin tanqid qilib, agar AQShda ham shunday metod qabul qilinganda vafot etganlar soni 2 million kishini tashkil qilgan bo‘lardi, dedi. (Hozirgi prognoz 70-80 ming.)
2019 yil oxirida Xitoyning Uxan viloyatida boshlangan koronavirus infeksiyasi Yer shari bo‘ylab ildam qadamlar bilan tarqalib ketdi. Birinchi navbatda u Xitoyga jug‘rofiy yaqin bo‘lgan Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga kirib keldi. Undan so‘ng esa har doim sayyohlarga to‘lib-toshgan Italiya COVID-19 ning qurboniga aylandi. Keyin Ispaniya va Fransiyada koronavirus o‘z kuchini ko‘rsatdi.
Dastlab, koronavirusning qanchalik shafqatsiz ekanidan bexabar bo‘lgan insoniyat uni jiddiy qabul qilmadi. Ispaniyada, masalan, 8-mart bayramiga bag‘ishlangan namoyishlarida minglab odamlar to‘planishdi. Oqibatda bir zumda Ispaniya koronavirus o‘chog‘iga aylandi.
Janubiy ochiqko‘ngil va qiziqqon mamlakatlardan farqli o‘laroq ravishda shimoliy Yevropa davlatlari virusga nisbatan ehtiyot choralarini oldindan ko‘rib qo‘yishdi. Germaniyada ommaviy testlar o‘tkazila boshlandi. Norvegiya, Finlandiya, Niderland va boshqa davlatlar chegaralarini yopib, xorijdan kelganarni karantinga joylashtira boshladi.
O‘ziga ishongan Shvetsiya
Shu o‘rinda Shvetsiya, mutlaq boshqacha yo‘l tutdi. Ushbu davlat rahbariyati chegaralarni yopishdan bosh tortdi. Undan tashqari bog‘cha, maktab, restoran va kafelar odatdagidek ishlashda davom etdi. Bu haqida Shvetsiyada yashayotgan rossiyalik bloger Potr Savelyev shunday hikoya qiladi:
"Bizda karantin ham o‘zini o‘zi yakkalash tartibi ham kiritilgani yo‘q. Bog‘cha va maktablar ham ishlashda davom etmoqda. Rasman shunday bo‘lsada bolalar imkon qadar masofadan turib o‘qishga harakat qilmoqda.
Mening ishxonamda esa fevral oyida masofadan turib ishlashga tayyorgarlik boshlangan edi. Yuzlab xodimlar uyidan turib ishlashi uchun VPN aloqasi quvvati bir necha borga oshirildi. Mart oyining boshidan boshlab biz uydan ishlash tartibiga o‘tdik. Shvetsiyada juda ko‘p IT kompaniyalar shunday qilishdi.
Bugun ham Stokholmda jamoat transporti odatdagidek ishlab turibdi. Faqat avtobuslarda oldingi eshiklari ochilmayapti. Yo‘lovchilar avtobus o‘rtasi va orqasidagi eshikdan kirib-chiqmoqda. Kompaniya haydovchilarni virusdan himoya qilish maqsadida shunday qilgan.
Restoran va kafelar ham odatdagdek ishlamoqda. Shuningdek juda ko‘p joylarda yetkazib berish xizmatlari paydo bo‘lgan.
Lekin odatda odam gavjum bo‘lgan Stokxolm ko‘chalarida hozir faqat 4-5 kishi yurganini ko‘rish mumkin. Men o‘zim ham uydan faqat itimni aylantirish uchun chiqaman.
Bunday bo‘lishiga ikkita sababni keltirishim mumkin:
- Birinchidan, shvedlar o‘zi juda odamovi xalq. Ular hech qachon o‘pishib ko‘rishmaydi yoki avtobusda bo‘sh o‘rindiq bo‘lsa hech qachon birovning yoniga o‘tirmaydi. Bir-biri orasida masofa saqlash ular uchun tabiiy hol.
- Ikkinchidan, Hukumat halqqa juda oddiy murojaat bilan chiqdi: agar o‘zingizda juda kam miqdorda shamollash alomatlarini sezsangiz, buni koronavirus deb qabul qiling va uydan chiqmang hech kim bilan uchrashmang. Ahvolingiz og‘irlashsa – tez yordam chaqiring. Tamom.
Hukumat xallqa ishondi, xalq ishonchni oqlashga harakat qildi. Hech qanday majburiy choralar qabul qilishga to‘g‘ri kelmadi. Umuman shved xaqli o‘z hukumatiga juda ishonadi, chunki Hukumat hech qachon arizimagan tavsiyalar bermaydi, ortiqcha vahima qilmaydi. Buni milliy urf desa ham bo‘ladi", - deydi bloger.
Bugungi kunda Shvetsiyada vaziyat qanday?
Vaziyat - o‘rtacha, kasallanganlar soni 11 000 kishiga yaqinlashgan, buni Yevropa bo‘yicha nisbatan kam yoki o‘rtacha deyish mumkin. Shuningdek ushbu raqam haqiqatdan uzoqroq bo‘lishi mumkin, chunki Shvetsiyada kasallik alomatlari bo‘lsada, lekin bemorning ahvoli jiddiy bo‘lmasa koronavirus testi o‘tkazilmaydi. Shu sabab kasallik yengil kechayotgan bemorlar hatto hisobga olinmaydi. Shunday tartib belgilangan.
Shvetsiyada intensiv terapiyaga muhtoj bo‘lganlar soni 800 kishiga, vafot etganlar soni 900 kishidan oshgan. Ma’lum bo‘lishicha eng og‘ir epidemiologik holat Stokholmda. Bu yerda og‘ir kasallar uchun o‘rin va o‘likxonalarda joy yetishmayapti. Expressen gazetasi yozishiga ko‘ra hukumat hatto "Yurgorden" xokkey klubi muz arenasini o‘liklarni vaqtincha soqlash uchun ishlatishga qaror qilgan.
Shvetsiyaning yana bir nufuzli gazetasi Aftonbladet yozishiga ko‘ra, bugungi kunda Hukumat tomonidan koronavirusga qarshi qabul qilingan choralar ko‘zlangan samarali natijalarga olib kelmagan. Buning isboti sifatida nashr o‘limlar soni bo‘yicha statistikaga e’tibor qaratgan. Unga ko‘ra, Shvetsiyada koronavirusdan vafot etganlar soni qo‘shni Finlandiyaga qaragandan 10 baravar ko‘pchillikni tashkil qilmoqda. Finlandiya mart oyining o‘rtasida chegaralarini yopib, maktab va OTMlarni masofaviy o‘qitishga o‘tkazgan edi.
Virus qariyalarni olib ketmoqda
Shvetsiyada boshqa Yevropa davlatlarida bo‘lgani kabi qariyalar soni juda ko‘p. Bu yerda o‘rtacha umr uzoqligi 80 yoshga yaqinlashadi. Jami aholisi 10 mln. kishidan ortiq bo‘lgan mamlakatning 20 %dan ortig‘ini yoshi 70dan oshganlar tashkil qiladi (2018).
Aftonbladet aytishiga qaraganda Shvetsiyada koronavirus birinchi navbatda qariyalarni olib ketmoqda. Vafot etganlar orasida 70 yoshdan oshganlar soni 40 %dan ko‘pni tashkil qilgan. Bunday bo‘lishiga asosiy sabab – qariyalar bilan ishlaydigan xodimlar yetarldi darajada himoya vositalaridan foydalanmagani deyilmoqda.
Aytish joizki, Shvetsiyada aksariyat qariyalar o‘z uylarida, farzandlari va nabiralari bilan emas – mehribonlik uylarida yashaydi. Bu ushbu mamlakat uchun odatiy hol. Balkim shu sababli qariyalar orasida virus tarqalishi oson bo‘lgan.
Shvetsiya metodi qanchalik samarali bo‘lgan bo‘lmaganini vaqt va statistika ko‘rsatadi. Lekin Yer yuzida virus tarqalishi bir oydan so‘ng to‘xtamasa nima bo‘ladi? Bir yil uyda o‘trishga hech qaysi davlatning hamoni chidamaydi. Epidemiologik vaziyat yaxshilanmasa boshqa davlatlar ham Shvetsiya metodin qo‘llashga majbur bo‘lishi mumkin.
Xulosa o‘rnida Potr Savelvning so‘zlarini keltirish o‘rinli deb topdik.
“Virus odamlar dunyosiga vaqtincha emas doimiy kelgan bo‘lsachi? Bir umr karantinda yashashning iloji yo‘q. Shu sababli ham virus tarqalishini oldini olib ham yashashda davom etish kerak. Bizda neft konlari yoki boshqa boyliklar yo‘q, shuning uchun javobgarlikni o‘z bo‘yinimizga olib, bir-birimizga ishonib, ishlashda davom etishimiz kerak”.