TOShKENT, 14 apr — Sputnik. O‘zbekistonda Ramazon qanday o‘tishi yuzasidan fatvo berildi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Ramazon oyini o‘tkazish bo‘yicha qo‘shni va xorijiy mamlakatlardagi holat o‘rganildi. Jumladan, Misr Arab Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasi musulmonlari diniy idoralari tomonidan Ramazon oyida masjidlarda tarovih namozlari ado etilmasligi va ommaviy iftorliklar uyushtirilmasligi haqida bayonotlar e’lon qilindi.
Shuningdek, qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘iziston musulmonlari diniy idoralari bilan mazkur masala muhokama qilindi va yagona to‘xtamga kelish haqida qaror qilindi.
Ramazon oyida ko‘zda tutilgan diniy marosimlar sababli karantin talablari buzilishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi barcha musulmonlarni quyidagi ko‘rsatmalarga qat’iy rioya qilishga chaqiradi:
- Ramazon oyida mo‘min-musulmonlarimiz tarovih namozlarini, xatmi Qur’onlarni o‘z oila a’zolari bilan xonadonlarida o‘tkazsinlar;
- O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat yuritayotgan qorilarning xatmi Qur’onlari onlayn tarzda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilsin;
- Iftorlik savobidan umidvor bo‘lgan saxovatpesha musulmonlarimiz iftorlik marosimlari uchun mo‘ljallagan mablag‘larini Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari orqali moddiy ko‘makka muhtoj oilalarga yetkazsinlar.
Barcha musulmonlarimiz qo‘ni-qo‘shni va yaqin qarindoshlarni to‘plagan holda iftorlik uyushtirishlari karantin talablariga zid kelishi barobarida Alloh taoloning ishboshilarga itoat qilish haqidagi Niso surasi: “Ey, imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!..” 59-oyatiga hilof ekanini anglashlari lozim.
- Zakot mablag‘larini hamda fitr va fidya sadaqalarini “Vaqf” xayriya jamoat fondi va uning hududiy bo‘linmalari hisob raqamlariga yoki Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga topshirishlari tavsiya etiladi.