TOShKENT, 14 apr — Sputnik. Marg‘ilonda hokimiyat vakilining qonuniy talabini bajarmay, uni do‘pposlagan fuqaro ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, 12-aprel kuni 18 yoshli D.Q. Marg‘ilon shahri markazidagi “Dehqon bozori” hududida avtomobillar to‘xtash joyiga kirish qismida sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilmagan holda yuziga niqob taqmasdan non sotgan. IIB PPX va JTSB xodimi unga niqob taqib olishni talab qilgan. Biroq D.Q. uni yuz va oyoq sohalariga urib, tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan D.Q.ga nisbatan JKning 219-moddasi 1-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.