AQSh Eronning koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashish uchun Xalqaro valyuta jamg‘armasidan 5 milliard dollar miqdorida olishni rejalashtirayotgan favqulodda qarz haqidagi so‘rovini blokirovka qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Amerika yetakchisi ma’muriyatiga tayanib, The Wall Street Journal yozmoqda.
Ta’kidlanishicha, Oq uy Eron hukumatining ixtiyorida milliardlab dollarlik hisob raqamlar mavjudligini aytmoqda. Vashington fikricha, agar XVF talab qilingan miqdorni taqdim etishni ma’qullasa, u AQSh sanksiyalaridan zaiflashgan Eron iqtisodiyotiga yordam berishga yoki Yaqin Sharqdagi harbiy ittifoqchilarni moliyalashtirish uchun sarflanadi.
Sankt-Peterburg davlat universiteti professori Aleksandr Kubishkin fikricha, AQSh ma’muriyatining bunday pozitsiyasi saylov kampaniyasi bilan bog‘liq.
"Bu sanksiyaviy siyosatning davomi. AQSh Eron pandemiya tarqalishi ko‘lami to‘g‘risida ma’lumotlarni noto‘g‘ri ko‘rsatayapti, deb hisoblashadi. Albatta, bu o‘z mamlakatida bo‘layotgan voqealar haqida yaqindan boshlab ma’lum darajada obyektiv ma’lumot berishni boshlagan AQShning o‘ziga aks zarba bermoqda. Menimcha, bu respublikachilar va demokratlarning Eron yadroviy bitimi bo‘yicha, Eronning Suriyani qo‘llab-quvvatlashi haqida davom etayotgan qarama-qarshi munozarasi bilan bog‘liq siyosiy akt. Bularning hammasi bitta tugunni hosil qilmoqda. Ammo hozirda AQShda ro‘y berayotgan barcha voqealar saylov kampaniyasi bilan bog‘liq. (Prezident Donald) Tramp o‘zini AQShning manfaatlarini himoya qiladigan kuchli qat’iy yetakchi sifatida ko‘rsatmoqda. Uning rahbarligidagi mamlakatda ichki muammolar kuchayib bormoqda va u, avvalambor, milliy manfaatlar to‘g‘risida qayg‘urishini namoyish qilishi kerak", - dedi Aleksandr Kubishkin Sputnik radiosi efirida.
Avvalroq Eron tashqi ishlar vaziri Javad Zarif AQShning pandemiya sharoitida Eronga qarshi sanksiyalarini tibbiy terrorizm deb atagan edi.
Uning ta’kidlashicha, AQSh Eronga qarshi sanksiyalarni doimiy ravishda kuchaytirishga harakat qilmoqda, koronavirusga qarshi kurashda axborot texnologiyalardan foydalanishga to‘sqinlik qilib unga asboblar va navigatsion dasturlarni yetkazib berishni rad etmoqda.