TOShKENT, 7 apr — Sputnik. Toshkent shahrining 11 ta tumanidagi 514 ta mahalla qoshida maxsus nazorat maskanlari tashkil etildi. Bu haqda poytaxt IIBB xabar qilmoqda.
Bunday maskanlarda faoliyat yuritish uchun mahalla raisi, hududga qarashli profilaktika inspektori va uning yordamchisi, Fidokor yoshlar guruhi a’zolari hamda mahalla faollaridan iborat guruh tuzildi.
“Har bir guruhning bosh vazifasi – karantin sharoitida mahallalarda istiqomat qiluvchi fuqarolarimizning o‘ta zarurat yuzaga kelgandagina (kerakli bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon sotib olish) ko‘chaga chiqishlarini hamda niqob taqmasdan harakatlanmasliklarini to‘liq nazorat ostiga olishdir”, - deyilgan xabarda.
“Jamoatchilik nazorati maskani” a’zolari tunu kun mahallalarda yurib, fuqarolarning zaruratsiz tashqariga chiqmasligi va karantin tartib-qoidalariga amal qilishini ta’minlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 6-apreldan COVID-19 tufayli o‘zini yakkalash hayot tarzi Nukus va Toshkent shaharlari hamda viloyatlar markazlarida majburiy ravishda joriy etildi. Bu fuqarolar uchun qator cheklovlarni nazarda tutadi. Shaxsning o‘zining yashash hududidagi savdo nuqtalarida birinchi galdagi hayotiy zarur bo‘lgan ehtiyojlari uchun va shifokor ko‘rigiga murojaat etishdan boshqa maqsadlarda chiqishi qat’iyan cheklanadi.