TOShKENT, 2 apr — Sputnik. O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorning yana 13 nafari butunlay tuzaldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.
Ularning 12 nafari Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan, 1 nafari esa Xorazm viloyatidagi yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonadan sog‘ayib chiqishdi.
Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayganlarni sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va boshqa mas’ullar Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatdi.
Koronavirus infeksiyasidan tuzalgan fuqarolarning 1 nafari 13-mart kuni Istanbul—Toshkent yo‘nalishidagi reysda, yana 1 nafari esa 18-mart kuni Moskva—Toshkent yo‘nalishidagi reys bilan O‘zbekistonga kelgan. Qolgan 11 nafar kishi esa koronivirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar bilan muloqotda bo‘lgan.
Shu tariqa O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni 25 nafarga yetdi.