TOSHKENT, 1 apr — Sputnik. Oʻzbekiston Afgʻoniston rahbarlarining inklyuziv muzokaralar jamoasini tuzish shakllantirish toʻgʻrisidagi kelishuvini olqishlaydi.
Tashqi ishlar vazirligi bayonotida qayd etilishicha, Oʻzbekiston buni ichki siyosiy inqirozni tinch yoʻl bilan hal etish jarayonidagi muhim qadam deb qabul qiladi.
Bildirilishicha, ayni bosqichda oʻt ochishni va zoʻravonlikni toʻxtatish boʻyicha avval erishilgan kelishuvlarning bajarilishi, barcha manfaatdor tomonlar, shu jumladan “Tolibon” harakati ishtirokida umummilliy afgʻonlararo muloqotga oʻtish oʻta muhimdir.
“Oʻzbekiston Afgʻoniston xalqi bilan doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, mamlakatda barqaror va uzoq muddatli tinchlik oʻrnatish jarayonini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash tarafdori ekanligini yana bir bor bayon qiladi”, - deyilgan xabarda.