TOShKENT, 30 mar - Sputnik. Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ham masofaviy ta’lim platformasi ishga tushirildi, deya xabar bermoqda Oliy ta’lim vazirligi axborot xizmati.
Ta’kidlanishicha, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “O‘quv jarayonini tashkil etish va boshqarish” e.navoiy-uni.uz axborot tizimi hamda MOODLE masofaviy ta’lim platformasi moodle.navoiy-uni.uz joriy etilgan.
Ayni damda universitetdagi 5 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 174 ta, 7 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 43 ta, jami 217 ta fandan talabalarga masofaviy shaklda ta’lim olish uchun sharoit yaratilgan.
Bundan tashqari professor-o‘qituvchilar tomonidan fanlar doirasida tegishli mavzular bo‘yicha jami 154 ta videodars hamda 66 ta audio dars tayyorlanib, youtube.com tizimida joylashtirilgan.
Professor-o‘qituvchilar talabalar bilan turli masofaviy ko‘rinishlarda, jumladan MOODLE tizimi, telegram kanallari t.me/prTSUULL va boshqa tizimlar orqali muloqotga kirishadilar.
Shuningek, talabalarning fanlarni o‘zlashtirish darajalari onlayn test test.navoiy-uni.uz axborot tizimi orqali baholab boriladi.
Ma’lum qilinishicha, 2019-2020-o‘quv yilining bahorgi semestrida bugungi kunga qadar 30 ta fandan testlar bazasi shakllantirilgan bo‘lib, qisqa muddatda barcha fanlardan testlar bazasi shakllantiriladi.