TOShKENT, 30 mar - Sputnik. Karantinda uydan ishlash tartibi belgilandi. Bu haqida Bandlik va Mehnat munosabatlari vazirligining 3228 sonli “Karantinga oid choralar amal qilish davrida xodimlarni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga o‘tkazishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘ida aytib o‘tilgan.
Unga ko‘ra, karantin davrida ish beruvchi xodimning roziligi bilan uni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish jadvalida yoki uyda ishlashga o‘tkazishi mumkin. Ushbu huquqdan birinchi navbatda homilador ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan shaxslar va surunkali kasalliklarga chalingan xodimlar foydalanishi ko‘zda tutilgan.
Masofaviy tartibda uyidan ishlash yoki moslashuvchan ish jadvaliga o‘tkazish - ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Bunda quyidagilar mehnat shartnomasi bilan belgilanadi:
- elektron hujjat almashinuvi bo‘yicha o‘zaro aloqa tartibi;
- xodimga ish uchun zarur bo‘lgan jihozlar, texnika vositalaridan foydalanish tartibi;
- xodimni aloqa vositalari bilan ta’minlash, Internet tarmog‘idan foydalanish;
- xodimga ish beruvi tomonidan berilgan jihozlar buzilganda zararni qoplash bo‘yicha shartlar;
- xodim shaxsiy jihoz, texnika vositalaridan, Internetdan foydalanganda xarajatlarni qoplash tartibi;
- xodim va ish beruvchining zaruriy mehnat muhofazasi va mehnat sharoitlariga amal qilish bo‘yicha majburiyatlari;
- ishlab chiqarish zaruriyati tug‘ilganda xodimni doimiy ishga o‘tkazish shartlari.
Mazkur ishlash usuliga o‘tkazilgan xodimlarning mehnat ta’tili, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha nafaqa olish hamda qonun hujjatlari va jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquqlari saqlab qolinadi.