TOShKENT, 27 mar — Sputnik. Koronavirus epidemiyasi sabab, aholidan uyda qolib virusga qarshi kurashish talab etildi. Madaniyat vazirligi aholining uyda madaniy hordiq chiqarishi uchun turli imkoniyatlar yaratmoqda, deb xabar berdi vazirlik axborot xizmati.
Xususan, har bir fuqaroning o‘z vaqtini mazmunli va foydali o‘tkazishi uchun telekanallar orqali dars mashg‘ulotlari, qiziqarli va ommabop filmlar namoyishi, foydali maslahatlar va tavsiyaviy ko‘rinishdagi teleko‘rsatuvlar tashkil etilgan, san’atkorlar va aktorlar ishtirokida qiziqarli videoroliklar, ko‘rsatuvlar tayyorlanib, efirga uzatilmoqda.
Karantin tufayli yangi spektakllar namoyishi afsuski vaqtinchalik to‘xtatilgan, ammo ilgari sahanalashtirilgan spektakllar oynai jahon orqali namoyish etib boriladi.
Bundan tashqari Madaniyat vazirligi tomonidan 24-mart kuni “Uydagi yulduzlar” tanlovi e’lon qilingan. Tanlov maqsadi uyda qolib ijod qiladigan ishtirokchilarni rag‘batlantirishdan iborat bo‘lib, eng yaxshi ijod namunalari 5 ta yo‘nalish bo‘yicha saralanadi.
“Eng yaxshi cholg‘u ijrochisi”, “Eng yaxshi xonanda” (maqom, baxshi, estrada va opera yo‘nalishlari bo‘yicha), “Eng yaxshi raqs ijrochisi”, “Eng yaxshi rassom”, “Eng yaxshi xunarmand” kabi yo‘nalishlar shular jumlasidandir. G‘oliblar esa joriy yilning 30-aprel kuni taqdirlanadi.
Davlat muzeylari tomonidan esa aholiga mobil ilovalar orqali masofaviy xizmat ko‘rsatish sharoiti yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 3d.museums.uz elektoron manzili orqali 13 ta muzeylarning 3D ko‘rinishlari joriy etilgan. Bunda har bir fuqaro o‘z uyali aloqa apparati orqali muzeylarga sayohat qilish, unda saylanayotgan eksponantlarni masofaviy tomosha qilish imkoniga ega.
goskatalog.uz sayti orqali esa respublikadagi barcha muzeylarda saqlanayotgan eksponatlar to‘g‘risida ma’lumotlar kiritilgan. Bunda tomoshabinlar bevosita smartfon orqali har bir eksponatning tarixiyligi va o‘zini ko‘ra oladi.