TOShKENT, 27 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan Zaxidov Botir Erkinovich O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.
Uning zimmasiga kredit tashkilotlari prudensial nazorati, litsenziyalash va ruxsat berish tartiboti, kredit tashkilotlarini inspeksiya qilish, kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish, kredit axborotining davlat reyestrini yuritish, moliyaviy savodxonlikni oshirish va bank mutaxassislarini qayta tayyorlash, bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish yo‘nalishlari nazorati yuklatilgan.
Shu kungacha B.Zaxidov Markaziy bank raisining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
B.Zaxidov 1982-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2003-yilda Toshkent Moliya institutini, 2008-yilda Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.
U bank sohasida 20-yillik ish tajribasiga ega. Markaziy bank tizimida 2009-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.