Tabrik, Navro‘z, koronavirus: Mirziyoyev Afg‘oniston prezidenti bilan qo‘ng‘iroqlashdi

Obuna bo‘lish
Ashraf G‘ani O‘zbekiston koronavirusga qarshi kurashishda ko‘rsatayotgan amaliy ko‘magi uchun alohida minnatdorlik bildirdi.

TOShKENT, 26 mar — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani bilan telefon orqali muloqot qildi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, suhbat avvalida ikki davlat rahbarlari bahoriy Navro‘z ayyomi munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, eng ezgu tilaklarini bildirdilar.

Mirziyoyev, shuningdek, Ashraf G‘anini Afg‘oniston prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi hamda unga mamlakatda barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash borasidagi ustuvor vazifalarga erishishda katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Ashraf G‘ani, o‘z navbatida, tabrik uchun, shuningdek, Afg‘onistonda tinchlikka erishish va mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash yuzasidan ko‘rsatayotgan ko‘magi va faol sa’y-harakatlari uchun O‘zbekiston rahbariga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Prezident Islamskoy Respubliki Afganistan Ashraf Gani  - Sputnik O‘zbekiston
Ashraf G‘ani O‘zbekistonni boshqalarga namuna bo‘layotganini ma’lum qildi

Afg‘oniston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ikki yil avval o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi muhim voqea - afg‘on muammosini tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha siyosiy jarayonni boshlash, manfaatdor tomonlar muloqotining o‘zaro maqbul shakl va mexanizmlarini izlashda "boshlang‘ich nuqta" bo‘lgani qayd etildi.

Qayd etilishicha, muloqot chog‘ida mintaqada yangi turdagi koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq joriy vaziyat va ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. 

"Prezident Ashraf G‘ani O‘zbekiston koronavirusga qarshi kurashishda ko‘rsatayotgan amaliy ko‘magi uchun alohida minnatdorlik bildirdi. Mamlakatimiz mutaxassislari tomonidan bunyod etilgan va ekspluatatsiya qilinayotgan "Hayraton - Mozori Sharif" temir yo‘li, shuningdek, elektr energiyasi, oziq-ovqat va sanoat mahsulotlari yetkazib berilayotgani hamda savdo va gumanitar yuklarning yurtimiz hududi bo‘ylab tranziti hech qanday to‘siqlarsiz amalga oshirilayotgani va ko‘rsatilayotgan boshqa yordam ushbu pandemiyaga qarshi kurashishda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi", - deyilgan xabarda.

Davlat rahbarlari harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirishni davom ettirish hamda ikki mamlakatdagi sanitar-epidemiologik holatni nazorat qilish borasida qat’iy choralar ko‘rish muhimligini qayd etdilar.

Prezidentlar ikki tomonlama, avvalo savdo-iqtisodiy, energetika va transport-kommunikatsiya sohalaridagi hamkorlikning dolzarb masalalarini ham ko‘rib chiqdilar, shuningdek, xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Afg‘onistonning barqaror taraqqiyotini ta’minlash va xalq farovonligini oshirishga qaratilgan qo‘shma infratuzilma loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarni faollashtirishga kelishib olindi.

Yangiliklar lentasi
0