TOShKENT, 26 mar – Sputnik. O‘zbekistonda COVID-19 virusiga qarshi kurashish va uning tarqalishini oldini olish maqsadida karantin e’lon qilindi. Bunga joylarda qay darajada amal qilinayotganligi, ayni kundagi vaziyat bilan tanishish niyatida Sputnik muxbiri jamoat joylarida bo‘ldi.
Bir oz avval naqd pullar virus tarqatuvchi manbalardan biri bo‘lganligi bois, undan foydalanish vaqtinchalik to‘xtatilayotgani haqida ma’lum qilindi. O‘zbekiston Markaziy banki barcha bank muassasalariga naqd pullarni kamida bir hafta pul omborxonalarida saqlashni tavsiya qilgan edi.
Ammo bu bo‘yicha tartib hali o‘rnatilmaganligi bois, mijozlar banklarga naqd pullarni topshirish uchun emas, hozircha AQSh dollarini naqd pulga almashtirish, naqd pulni AQSh dollariga almashtirish yoki jo‘natmalarni qabul qilib olish uchun banklar tashqarisida to‘planib turishibdi.
Mijozlarning banklar tashqarisiga to‘planib turishlarining sababi, poytaxtda karantin e’lon qilinganligi bilan bog‘liq bo‘lib, bank ichkarisida odamlarning yig‘ilishi virusning oson tarqalishi va yuqishiga turtki bo‘lishi mumkin. Shu bois ehtiyot choralari ko‘rilgan, mijozlarning barini esa tibbiy himoya niqoblarida ko‘rish mumkin.
Siz ko‘rib turgan holat Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Kapitalbank” va uning mijozlari.
Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumani, Temur Malik ko‘chasida joylashgan “Ecobozor” savdo majmuasi ichidagi kichik bankda ham xuddi shunday manzaraga guvoh bo‘lish mumkin, mijozlar bank atrofida to‘planib turishibdi. Bu yerda ham karantin choralariga jiddiy amal qilinib, mijozlar navbat bilan ichkariga kiritilmoqda.
Savdo majmuasining ba’zi rastalarida esa sotuvchilar ixtiyoriy ravishda o‘z e’lonlarini osib qo‘ygan bo‘lib, unda “Niqobsiz kelganlarga xizmat ko‘rsatilmasligi” haqida yozib qo‘yilgan.
Majmua ichidagi ovqatlanish bo‘limlarida o‘rindiqlar ham bir chetga yig‘ishtirib qo‘yilgan. Aslida shahardagi barcha ovqatlanish shohobchalarida bunday holatga duch kelish mumkin...
Majmua ichidagi dorixonada maxsus himoya qo‘lqoplari tugagan ekan, yuz himoya niqoblari esa donasi 2200 so‘mdan sotilmoqda. Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan dorixonalarning birida esa tibbiy himoya niqobi 2100 so‘mdan sotilmoqda.
Yana bir qiziq holat, hukumat 23-martdan aholiga tibbiy niqobsiz harakatlanishni rasman taqiqladi. Qolaversa, O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aziz Ikramov ham Xalqaro pres klubda o‘tkazilgan brifinglarning birida, 25-mart kunidan boshlab fuqarolarning jamoat joylarida niqob bilan yurishi shartligi, kimda kim ushbu tartibga bo‘ysunmaydigan bo‘lsa, unga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilishi haqida ogohlantirdi.
Ammo ushbu qonunning ijrosi qay darajada, kim yoki qaysi vakolatli organ tomonidan nazoratga olinayotganligi noma’lum. Shu bois ehtimol, ko‘chalarda, bozor rastalarida niqobsiz yurgan va bemalol bir biri bilan niqobsiz holda muloqotda bo‘layogan fuqarolarga ham nigohingiz tushadi...
Ko‘chada transport vositalaridan o‘z xususiy avtomobillarini boshqarayotganlar yoki kirakash haydovchilarni aytmaganda, biron bir avtobus uchramaydi...
Sputnik karantin bilan bog‘liq o‘z kuzatuvlarini davom ettiradi.